An’anaviy energiya manbalarining yer yuzidagi zaxiralari kamayib borishi fonida butun dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalariga bo’lgan talab tezkor ravishda ortib bormoqda.

Yurtimizda ham ushbu turdagi energiya ishlab chiqaruvchi texnologiyalardan foydalanish nafaqat korxona, tashkilotlar balki aholi orasida ham ommalashmoqda. Shu sababli ham bugun quyosh panellari kabi alternativ energiya manbalari texnologiyalari ishlab chiqaruvchi va shu sohada xizmat ko’rsatuvchi korxonalar faoliyati keng yo’lga qo’yilyapti.

Ammo, ushbu yo’nalishda faoliyat yurituvchi korxonalar mahsulot ishlab chiqarish jarayonida xorijdan ba’zi komponentlarni import qilishlariga to’g’ri kelayotgan edi. Shulardan biri – quyosh panellari ishlab chiqarishda foydalaniladigan maxsus qalay qoplamali kabel-sim mahsulotlaridir.

Lekin hozirda bu turdagi kabel-simlar ishlab chiqarilishi yurtimizda ham yo’lga qo’yildi. Mahalliy «Procab» kompaniyasi respublikamizda birinchilardan bo’lib, qalay qoplamali kabel-sim mahsulotlarini ishlab chiqara boshladi.

«O’zeltexsanoat» uyushmasi tomonidan bugun respublikamizda faoliyat yuritayotgan 15 ga yaqin quyosh panellari ishlab chiqaruvchi va o’rnatuvchi korxonalar uchun «Procab» kompaniyasida uchrashuv va ishlab chiqarish jarayoniga ekskursiya tashkil etildi.

Bundan ko’zlangan asosiy maqsad, mahalliy korxonalar o’rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish, quyosh panellari yo’nalishida foydalaniladigan yangi turdagi kabel-sim mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoni bilan tadbirkorlarni yaqindan tanishtirish va albatta ushbu mahsulotga bo’lgan ichki talabni mahalliy mahsulotlar hisobiga qondirish orqali import ko’rsatkichlarini kamaytirishdan iborat bo’ldi.

Kun avvalida, quyosh panellari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari va «Procab» kompaniyasi mutasaddilari o’rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Bunda, tadbirkorlar kompaniya faoliyati bilan yaqindan tanishtirilib, o’zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Shuningdek, hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo’yicha o’zaro fikr va aloqa ma’lumotlarini almashdilar.

Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishgan holda, mutaxassislardan yangi turdagi mahsulotga oid barcha ma’lumotlarni oldilar. Shu bilan birga, qalay qoplamali kabel-sim mahsulotlarini xorijiy alternativdan ustunliklari, narxi, sifati, kafolatiga oid tushunchalarga ega bo’ldilar.

Ayniqsa, kabel-sim mahsulotlari sifati va holatini tekshirish, nazorat qilish imkonini beruvchi laboratoriyalar faoliyati tadbirkorlarda katta qiziqish uyg’otdi. Bundan tashqari, «Procab» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan barcha turdagi kabel-sim mahsulotlari ro’yxati ham uchrashuv ishtirokchilariga taqdim etildi.

Tadbir yakunida, quyosh panellari yo’nalishida faoliyat yurituvchi ishbilarmonlar, taqdim etilgan barcha ma’lumotlarni o’rganib chiqqan holda, yaqin kelajakda «Procab» kompaniyasi bilan hamkorlik va savdo aloqalarini o’rnatishga ishonch bildirdilar.

Quyosh panellari ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan qalay-qoplamali kabel-sim mahsulotlariga bo’lgan talab mahalliy tadbirkorlar tomonidan qondirilsa, import hajmi ijobiy kamayadi va albatta korxonalar o’rtasidagi kooperatsiya aloqalari kengayishi hisobiga elektrotexnika sanoat yanada ravnaq topadi. Bunda esa tadbirkolar ishtirokida tashkil etiluvchi bu kabi uchrashuv va tadbirlar alohida muhim ahamiyat kasb etadi.